Toshkent shahrida fuqaroning plastik kartasidan yangi usulda pul o‘g‘irlagan firibgarlar ushlandi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Mirobod tumanida yashovchi 29 yoshli N.Sh. kartasidan 61,5 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligi bo‘yicha IIOga murojaat qilgan.
Bu bo‘yicha Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Natijada, bu ishni Zangiota tumani IIB Probatsiya bo‘limida hisobda turib, axloq tuzatish ishlari tarzida jazo muddatini o‘tayotgan 46 yoshli A.A. hamda Shayxontohur tumanida yashovchi 33 yoshli E.A.lar sodir etganligi aniqlangan.
Xususan, A.A. va E.A.lar jabrlanuvchi N.Sh. bilan “Telegram” orqali tanishib, unga “SMS” xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Undan keyin, jabrlanuvchi nomiga bank kartasini rasmiylashtirib, hisobidagi 61,5 mln so‘m miqdoridagi pullarini o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga o‘tkazib olgan.
Mazkur holat yuzasidan A.A. va E.A.larga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bunda jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Avvalroq Toshkentda fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlangandi. U Turkiya, Meksika va Nikaragua orqali Amerikaga yuborish evaziga $16 ming talab qilgan va $9 mingni olgan vaqtida ushlangan.
O‘zbekistonda onlayn firibgarliklarga qarshi biometrik tizimlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Kiberxavfsizlik infratuzilmasi muhim hisoblangan axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligi belgilanadi.