Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi buyon bo‘sh turgan obyektlarga investorlar jalb qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda tumandagi xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan 21ta obyektga investorlarni jalb qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi.
Kamida $100 mlnlik sanoat loyihalari boshlanib, “Farovon” mahallasidagi uzoq vaqt tashlandiq bo‘lib qolib ketgan 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etiladi.
Tumanda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Mutasaddilarga tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq masalalarini hal qilishga topshiriqlar berildi.
Sayxunobod hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lidan har kuni 20 mingdan ziyod avtomobil o‘tadi. “O‘rikzor”, “Guliston”, “Nurli yo‘l”, “Baxmalsoy”, “Farovon” mahallalaridagi 9 gektar maydonda 40ta xizmat ko‘rsatish obyekti, 1ta mehmonxona va 1ta logistika markazi ishga tushiriladi.
Prezident yig‘ilganlar e’tiborini Sayxunobodda o‘tgan yili birorta ko‘p qavatli uy qurilmaganiga, hozirda 1 mingga yaqin aholi uy-joy olish istagida ekanligiga qaratdi.
“Turon” mahallasidagi sobiq mashina-traktor parkiga tegishli bo‘sh yerda 10ta ko‘p qavatli uy qurilishini boshlashga ko‘rsatma berildi.
Bu uylarda yashaydigan aholi uchun 180 o‘rinli yangi bog‘cha va 35-maktabda 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv bloki barpo etiladi. Shu yerni o‘zida ish o‘rni yaratish uchun tikuvchilik korxonalari tashkil qilinadi.
Sayxunobodda yashirin iqtisodiyotni “soya"dan chiqarish va ish o‘rinlarini rasmiylashtirishni faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Mahalla hududidagi tadbirkorlar rasmiy ish o‘rnini ko‘paytirsa, daromad solig‘idan qo‘shimcha tushumning 50%i mahalla ixtiyorida qoladi.
Tumandagi mol-mulk va yer soliqlarining 10%i ham mahalla budjetida qoladi. Yo‘lga qo‘yilayotgan tajriba hisobiga har bir mahalla, ko‘cha va xonadon qamrab olinmoqda.
Sayxunobod misolida oilalarni daromadli qilish, investitsiya jalb etish bo‘yicha yangi tizimni mamlakatning barcha 9 452ta mahallasida yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bu ishlar qanday tashkil qilinayotganiga qarab, iqtisodiy kompleks rahbarlari, banklar, hokimlar va ularni birinchi o‘rinbosarlari faoliyatiga baho beriladi.
Avvalroq Sayxunobod tumanida Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 1500ta xonadonga qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 mln so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.