“Elektron poliklinika” tizimining takomillashgan yangi talqini pilot tarzida ishga tushirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
Tizim Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada joriy etilgan.
Uning takomillashtirilishi hisobiga mutaxassis ko‘rigiga onlayn yozilish orqali navbat kutish vaqti 10 daqiqagacha qisqardi. Ilgari bu vaqt 40 daqiqani tashkil etgan.
Bundan tashqari, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi. Tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi. Tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi.
“Avvalgi tizimdan farqli o‘laroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, „Elektron retsept“ (reimbursatsiya) tizimi joriy etilgan. Unda real vaqt rejimida statistik ma’lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid ma’lumotlarni yetarli himoyalash ta’minlangan va axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilingan”, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nodir Eshnazarov.
Tizim orqali, shuningdek, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Ya’ni, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralmaydi.
Uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi hamda o‘ziga tegishli tibbiy ma’lumotnomalar bilan masofaviy tanishishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, tizim sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani modernizatsiya qilishga yordam beradi.
Yanvar oyida O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi loyiha ofisi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Joriy yilda 40ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.