Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Tumanda sanoat usulida yiliga atigi 60 ming parranda yetishtirilmoqda va bu viloyat ko‘rsatkichining 1%ini ham tashkil etmaydi.
Hududda 4ta yirik parrandachilik fermasi ishga tushirilib, 2 ming xonadon bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Parranda korxonalari 2 mingta xonadonga 500tadan 2 mingtagacha jo‘ja tarqatib, sanoat usulida yiliga o‘rtacha 6 marta mahsulot olishni tashkil qiladi. Ular ozuqani o‘zlari yetkazadi, boqishni o‘rgatadi va parvarishiga ko‘maklashadi.
Natijada xonadonlarda yiliga 10 mln parranda boqilib, shuni o‘zidan tumanda yiliga qo‘shimcha 22 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi.
Tumanda 125 gektar tabiiy, 580 gektar sun’iy suv havzasi bo‘lsada, imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ta’kidlandi.
“O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallalaridagi 500ta xonadonga basseyn qurib, baliqchilik bilan shug‘ullanishga ko‘maklashiladi. Sirdaryo daryosining 19 kilometri mazkur mahallalardan oqib o‘tadi.
Samarasiz 200 gektar sun’iy suv havzalari 300ta xonadonga baliq yetishtirish uchun bo‘lib beriladi. Bunga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Tumandagi xonadonlarning yarmida chorva boqiladi. “Do‘stlik” mahallasida 50dan ortiq odam chorvani ko‘paytirish niyatida, lekin ularga ozuqaga yer berish, kredit olishda yordam berilmayapti.
Tashlandiq yotgan 400 gektar yer shunday istakdagi odamlarga berilmagan. Prezident mazkur yerlarni 800ta xonadonga bo‘lib berishni topshirdi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 mln so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda berilib, tumandagi 1,5 ming xonadonga chorvani ko‘paytirish sharoiti yaratiladi.
Tumanda kuniga o‘rtacha 300 tonna sut olinib, aholi tomonidan boshqa tumanlarga borib sotilmoqda. Xorazm tajribasi asosida “Sintob”, “Paxtaobod”, “Olg‘a bos”, “Do‘stlik” mahallalarida sutni yig‘ish shoxobchalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, “Olg‘a bos” mahallasida kuniga 3−4 tonna sutni qayta ishlash sexi foydalanishga topshiriladi.
Yil boshida chorvachilik xo‘jaliklariga import uchun subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi. Subsidiyalar 2025-yil oxirigacha nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida beriladi.