13-mart kuni elektr stansiyalari orqali 245,8 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 51,1 mln kubometr tabiiy gaz, 18,6 ming tonna ko‘mir hamda 2,4 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmanistondan 15 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi. Iste’molchilarga 229,1 mln kVt/soat elektr energiyasi (11% ko‘p), 153,4 mln kubometr (15% ko‘p) tabiiy gaz yetkazib berildi.
13-mart kunlari yuz bergan kuchli yomg‘ir va qattiq shamol tufayli tarmoqlarda kuzatilgan avariyalar natijasida va kutilmagan avariyalarning oldini olish uchun 150 MVt elektr energiyasi yetkazib berilmadi. Avvalroq elektr energiyasini yetkazib berishga cheklovlar qayta kiritilgandi.
Mamlakatdagi 1 347ta AGTKSh orqali jami 13,94 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Stansiyalar tomonidan 860 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYoQShlarga 3 200 tonna benzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga qo‘yilgan 6 380 tonna benzinning 3 746 tonnasi, 1 366 tonna dizelning esa 1 159 tonnasi sotildi.
Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytishi sabab, 18-fevralda elektr energiyasiga o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilindi. 8-martdan buyon elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayotgandi.
Joriy yilning 18-fevralidan AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgandi. 22-fevraldan bu cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilib, reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olina boshlandi. 7-martdan ularning faoliyati tiklandi.