Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Perfectum” uyali aloqa operatori yangi egasiga o‘tdi. Tahlilchi Timurmalik Elmuradov bunga e’tibor qaratdi.
Operatorning yuridik shaxsi — “Rubicon Wireless Communication” MChJ hozirda 100% tadbirkor Abdumalik Validjanovich Iminovga tegishli. Kompaniya rahbari — Dmitry Shukov.
Abdumalik Iminov avvalroq ikki kompaniyaning hammuallifi sifatida qayd etilgandi. Savdo maydonlarini ijaraga beruvchi “Ravnaq-Omad-Biznes” kompaniyasida 50% (hozirda Azizbek Qosimov sherik sifatida ko‘rsatilgan), “Sidaryo ko‘mir invest” ulgurji savdo kompaniyasida esa 36,9% ulushga egalik qilgan.
2020-yilda “Perfectum"dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalari ma’lum qilindi. O‘sha paytda kompaniyaning 65% ulushi davlatga, qolgan qismi esa “Amis Protrade International"ga tegishli edi.
“Perfectum” aksiyalarini sotish haqidagi xabarlar ochiq manbalarda keltirilmagan. “Spot” Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bu bo‘yicha so‘rov yubordi.
Mart oyi boshida “UNG Petro” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini xususiylashtirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. “O‘zbekneftgaz” tarkibiga kiruvchi kompaniyaning yangi egasi “Petroleum Technology Group” hisoblanadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonunni imzolagandi.