Qozog‘istoning “Qazaq Air” aviakompaniyasi O‘zbekistonga aviaqatnovlarni boshlash uchun ruxsat berildi. Bu haqda “O‘zaviatsiya” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 13-mart kuni tomonlar o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim asosida “Qazaq Air” aviakompaniyasiga Turkiston — Samarqand — Turkiston yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasi rasmiylashtirildi.
Aviareyslar haftasiga ikki marta — juma va yakshanba kunlari DHC-8−402 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Avvalroq Qozog‘istoning “Kazinform” agentligi “Qazaq Air” 15-martdan Turkiston — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
2022-yil avgust oyida Qozog‘istonning “Air Astana”, “Qazaq Air” va “SCAT” aviakompaniyalari O‘zbekiston va Xitoy shaharlariga yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish rejalarini e’lon qildi.
Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Saltanat Tompiyeva Qozog‘iston tashuvchilariga parvozlar masalasini tezlashtirishda yordam berishga va’da berdi.
2023-yilning oktabrida “Silk Avia” aviakompaniyasi Samarqanddan Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.