“Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” aksiyadorlik jamiyati (“Qo‘yliq” bozori) faoliyati tugatildi. Bu bo‘yicha aksiyadorlar yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilingan.
Jamiyat ijroiya organining qayd etishicha, jamiyat hududida tadbirkorlar faoliyati joriy yilning 5-yanvaridan to‘xtatilgan.
“Ikki oy davomida bozor faoliyatini qay tartibda davom ettirish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish bo‘yicha rasmiy yoki norasmiy ma’lumotlar mavjud emasligi, bozor faoliyati to‘xtab turgan bo‘lishiga qaramay, yer, mulk solig‘i hisoblanishi davom etayotganligi, bu holat davom etsa jamiyatning moliyaviy ahvoli qiyinlashib qolishi kutilishi sababli jamiyatni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy tugatish maqsadga muvofiq deb topilgan”, deyiladi qarorda.
Bundan tashqari, zarurat yuzaga kelganda davlat idoralari va boshqa manfaatdor yoki tegishli tashkilotlar takliflar bildirsa, jamiyat faoliyatini tugatish ishlari to‘xtatilib, uni tiklash imkoniyati mavjudligi ta’kidlangan. Hududdan aholiga manfaatli bo‘lgan yo‘nalishda faoliyat turi tashkil etilishi mumkin.
“Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori"ning rasmiy saytida joriy yilning 1-martida e’lon qilingan xabarda tugatilayotgan jamiyat bo‘yicha murojaatlar tugatish to‘g‘risidagi e’lon chiqqan paytdan ikki oy davomida qabul qilinishi keltirilgan.
Aksiyadorlik jamiyati 1999-yilning 22-iyulida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi — 1,8 mlrd so‘m. Toshkent shahar hokimligi ulushi 93,2%ni tashkil etadi, qolgan 6,8% ulush erkin savdo va mehnat jamoasiga tegishli.
Jamiyatning umumiy egallagan maydoni — 11,12ga. Bozorda 194ta joy mavjud hamda savdo pavilonlari 120tani tashkil etadi. Yer maydoni hamda bino-inshootlar, dehqon-fermer, sotuvchi va xaridorlarga xizmat ko‘rsatishda foydalaniladi.
Joriy yilning 5-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligi “Qo‘yliq” dehqon bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanayotganini ma’lum qildi.
Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar hududga sig‘may, Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarining tirbandligiga sabab bo‘layotgani va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratayotgani qayd etilgandi.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar faoliyatini “Food city” hamda “Tashkent Index” kabi savdo majmualarida davom ettirish taklif qilindi.
2021-yilning dekabrida “Qo‘yliq” dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni boshqa manzilga ko‘chirilishi haqida xabar berildi. Mazkur manzilda yo‘l kengayishi va ko‘prik qurilishi ishlari rejalashtirilgandi.
2022-yil iyun oyida poytaxt Kengashi Yo‘l o‘tkazgichni kengaytirish uchun Qo‘yliq bozori uchun ajratilgan yerning bir qismini olib qo‘yishni ma’qulladi. Biroq, hokimlikning aniqlik kiritishicha, qarorda majmua hududini to‘liq olib qo‘yish ko‘zda tutilmagan.
Avvalroq yerusti metro tarmog‘i ostidagi 60ga yaqin binolar auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.