14-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tumanda yangi tajriba qilinib, 19ta mahallani har biriga 1tadan mini traktor, 4tadan moto-kultivator olib berildi.
Endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1−2 mln so‘m daromad” mezoni asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi.
Mahalladagi agronomlar bilan birga olib berilgan texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi. Sayxunobod tajribasi mamlakatda ommalashtiradi.
Sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 mlrd so‘m kiritiladi.
Korxona 4 ming xonadonga qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘ini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, tadbirkorlarga 300 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha grant beriladi.
Sayxunoboddagi 19ta mahallaning har birida istagi bor aholiga namunaviy intensiv bog‘ qilib beriladi. Xonadonlar kooperatsiya asosida eskportchi bilan bog‘lanib, 2 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash kompleksi tashkil etiladi.
Tumandagi 98 kilometr kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi 100 gektar bo‘sh yerlar kooperatsiya asosida 500ta xonadonga terak ekish uchun bo‘lib beriladi.
Shuningdek, 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali, aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.
Mas’ullar 19ta mahalla va 794ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, tadbirkorlik uchun beriladigan 200 mlrd so‘m hisobidan har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.
Bunda, mahallani “drayver” yo‘nalishidan kelib chiqib, 17 mingta xonadon kesimida tomorqada, sanoatda, savdo va xizmatlarda qancha aholi band bo‘lishi aniq ko‘rsatiladi.
Avvalroq Toshkentdagi 60 gektar yer uy-joy qurish uchun auksionga chiqarilishi ma’lum qilingandi. Prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni auksionga chiqarishni topshirdi.