13-mart kuni hukumatning moyli urug‘larni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchilarga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, o‘simlik yog‘larini eksport qilishga ruxsat berilmoqda.
Bunda, korxonalar o‘zlari import qilgan o‘simlik yog‘lari hamda moyli ekinlar (paxta, kungaboqar va soya) urug‘larini qayta ishlashdan olingan o‘simlik yog‘larini belgilangan miqdorlarda eksport qilishlari mumkin.
Quyidagi jadvalda eksport qilishga ruxsat berilgan o‘simlik yog‘lari miqdori keltirilgan:
T/r | Mahsulot nomi | TIF TN kodi | Import hajmlariga nisbatan eksportga ruxsat beriladigan o‘simlik yog‘i miqdori, foizda |
1 | Kungaboqar, soya, paxta va boshqa o‘simlik yog‘lari | 1512 | 50 |
2 | Aralash yog‘lar | 1517909100 | 50 |
3 | Kungaboqar urug‘i | 120600 | 35 |
4 | Paxta chigiti | 1207 | 17 |
5 | Soya urug‘i | 1201 | 17 |
Shuningdek, kungaboqar va paxta yog‘i hamda aralash yog‘lardan tashqari boshqa o‘simlik va meva urug‘lari yog‘larini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi.
Bojxona qo‘mitasi mahsulotlarni “eksport” bojxona rejimiga joylashtirishda belgilangan shartlarning xo‘jalik yurituvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi.
Eksport qilinishi mumkin bo‘lgan o‘simlik yog‘i hajmini aniqlashda xo‘jalik yurituvchilar tomonidan 2024-yildan import qilingan moyli ekinlar urug‘lari va o‘simlik yog‘lari hajmlari inobatga olinadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga Iqtisodiyot va moliya vazirligining asoslantirilgan taklifi bilan import qilingan o‘simlik yog‘ining 50%dan oshmagan miqdorini eksport qilishga ruxsat berishni bekor qilish huquqi beriladi.
Bu aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi hamda ichki bozordagi narx barqarorligidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan zarur hollarda oziq-ovqat xavfsizligi va bir oyda o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumatga takliflar kiritadi.
2023-yilning noyabrida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur yengilliklarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.
O‘tgan yil oxirida asosiy mahsulotlar importiga nol tariflari yana bir yilga uzaytirilgandi. Imtiyozlar kungaboqar va paxta yog‘i, parranda go‘shti, baliq va boshqa mahsulotlarni o‘z ichiga oladi.