2023-yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining asosiy oluvchisiga aylandi, deb xabar berdi Qozog‘iston Milliy banki matbuot xizmati.
Xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy hajmi 1,33 trln tengeni tashkil etdi. Bu 2022-yilga nisbatan 26%ga kam.
Transchegaraviy o‘tkazmalarning qariyb 80%i “Zolotaya Korona” tizimi orqali amalga oshirildi. Xorijga bitta transferning o‘rtacha summasi 372,2 ming tengeni ($828,6) tashkil etadi.
O‘zbekiston Qozog‘istondan 264,38 mlrd tenge (Qozog‘iston Markaziy banki kursi bo‘yicha $588,62 mln) pul o‘tkazmalari bilan doimiy yetakchilikni saqlab qoldi.
Ikkinchi o‘rinda Rossiya turibdi. O‘tgan yili mamlakatga 241,3 mlrd tenge ($537,22 mln) jo‘natilgan.
Keyingi o‘rinlarni Turkiya, Gruziya va Qirg‘iziston egalladi, mazkur mamlakatlarga jo‘natilgan pullarning umumiy qiymati 347 mlrd tengedan ($772,69 mln) oshadi.
Qozog‘istonga “Zolotaya Korona” va “Western Union” tizimlari orqali jo‘natilgan pul o‘tkazmalari hajmi 369 mlrd tengeni ($821 mln) tashkil etdi.
Tranzaksiyalarning o‘rtacha hajmi — 282,3 ming tengeni ($628,5). Kuchli beshlikka Rossiya, AQSh, O‘zbekiston, Janubiy Koreya va Turkiya kirdi.
2022-yilning 11 oyi davomida Qozog‘istondan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 276 mlrd tengeni ($593 mln) tashkil etdi. Rossiya 175,8 mlrd tenge (379,4 mln) bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.