Toshkent viloyatining qariyb 20 ming gektar yer maydoni Toshkent shahrining Yangi Toshkent tumaniga o‘tkazildi.
13-mart kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi viloyat hududining bir qismini poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentga o‘tkazishni ma’qulladi. Qaror viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan.
Xususan, Toshkent viloyatidagi Yuqori Chirchiq (17,3 ming gektar) va O‘rta Chirchiq (2,4 ming gektar) tumanlaridan ajratiladigan Yangi Toshkent tumanining maydoni 19,72 ming gektarni tashkil etadi.
Yuqori Chirchiq tumanidagi 33ta mahalla (20tasi to‘liq, 13tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidagi 7ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) poytaxt tarkibidagi Yangi Toshkent tumaniga o‘tkaziladi. Ularning to‘liq ro‘yxati bilan havola orqali tanishish mumkin.
Mazkur yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan holda o‘tkaziladi. Qaror loyihasi viloyat kengashi tomonidan ma’qullangach, Oliy Majlis palatalariga yuboriladi, shundan so‘ng belgilangan o‘zgartirishlar kuchga kiradi.
O‘tgan yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkent konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish 4 bosqichda amalga oshiriladi. Tuman administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5ta negiz asosida quriladi.
2023-yilning iyul oyida Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.