Endilikda yo‘l-transport hodisalari haqidagi xabarlarni sug‘urta kompaniyalariga onlayn jo‘natish mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, agentlik tomonidan YTH to‘g‘risidagi xabarlarni onlayn yuborish va ko‘rib chiqish uchun “Sug‘urta servis” mobil ilovasi ishga tushirildi.

Ilova orqali avtomobil egalari avtohalokat to‘g‘risidagi xabarnomani onlayn jo‘natishlari hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya olishlari mumkin.

Buning uchun ichki ishlar xodimlari ishtirokisiz voqea joyidan fotosuratlar va zarur hujjatlarning elektron nusxalarini yuborish kerak.

Mobil ilova xabarnomalarni va sug‘urta da’volarini rasmiylashtirishni, shuningdek, ko‘rib chiqish tartibini sezilarli darajada soddalashtirishi qayd etildi.

“Sug‘urta servis” mobil ilovasini “App Store” va “Google Play” platformalaridan yuklab olish mumkin. Mobil ilovada bildirishnomani qanday yaratish mumkinligi haqidagi videoqo‘llanma bu yerda.

Avvalroq 1-sentabrdan barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.