Avvalroq tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va eksportga jalb etish borasidagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
14-mart kuni tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Uning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi Savdo-sanoat palatasiga berildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘maklashish uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larni Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga yo‘naltirish hamda mablag‘larni boshqarish huquqi kompaniyaga berildi.
Bu eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun amal qilmaydi. Jamg‘arma Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida yuridik shaxs tashkil etmasdan ochiladi.
“O‘zbekekspertiza” ustav kapitalidagi davlat ulushi va ayrim davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlarni Davaktiv agentligiga o‘tkazish orqali davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berildi.
Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga investorlarni jalb qilish, ularning ishtirokchilariga ko‘maklashish Savdo-sanoat palatasining vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Savdoni rivojlantirish kompaniyasining faoliyati quyidagilarga yo‘naltiriladi:
- tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarining barqarorlik reytingi asosida samaradorligi va natijadorligini oshirish;
- davlat mablag‘larining yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot eksport qiladigan hamda yangi bozorlarga chiqadigan korxonalarga yetkazilishini ta’minlash;
- transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi hamda eksport faoliyati bo‘yicha axborot va maslahat berish;
- milliy brendlar va mahsulotlarni xorijda targ‘ib qilishda “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, milliy, tarmoq va mintaqaviy ko‘rgazmalar hamda tovarlar yarmarkalarini o‘tkazishda ishtirok etish hamda moliyalashtirish.
Joriy yilning 1-iyulidan boshlab kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida taqdim etiladi.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalar Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimga (GATT) hamda Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (ASCM) muvofiqlashtiriladi.
Savdo-sanoat palatasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining boshqaruvini vaqtinchalik amalga oshiradi. Palataning hududlarda Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari tashkil etiladi.
Avvalroq meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda minimal eksport narxlari belgilanishi haqida xabar berilgandi. Mazkur mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.