“Wildberries” O‘zbekistonda yangi buyurtmalarni qabul qilish punktlarini ochishda bir martalik subsidiyalar bera boshladi. Bu haqda marketpleys matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 11-martidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida yangi shoxobcha ochish uchun 28,29 mln so‘m miqdorida mablag‘lar taqdim etiladi.
Xuddi shunday tizim qirg‘izistonlik tadbirkorlarga ham amal qilib, qabul qilish punkti faoliyatini boshlashga 204,52 ming som ($2,28 ming) to‘lanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston uchun avvalgi tarif qo‘shimchasi qo‘llanilmaydi. Qabul qilish punktlarini ochish uchun istiqbolli joylarni bu yerda topish mumkin.
2023-yilning noyabrida “Wildberries” kompaniyasining mamlakatga kiritgan investitsiyalari $412,5 mlnni tashkil etgani, natijada 22,5 ming ish o‘rni yaratilgani ma’lum qilingandi.
Joriy yilda Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi omborxonalar maydoni 350 ming kvadrat metrga, platformadagi sotuvchilar soni esa 15 mingtagacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “Humans Group” o‘zining “Humans Market” mahsulot bozorini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.