Joriy yilning 1-aprelidan Navoiy viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar belgilanadi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.
15-mart kuni Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 1-aprelidan bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amalda qo‘llaniladi:
- aholi uchun — 2700 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 6500 so‘m;
- ulgurji iste’molchilar uchun — 8000 so‘m.
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholi uchun — 1600 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 4600 so‘m;
- ulgurji iste’molchilar uchun — 6000 so‘m.
Bunda taklif etilayotgan barcha narxlar QQSsiz hisoblangan.
2030-yilga qadar viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 84,7%dan 87%ga, kanalizatsiya qamrovi 23,8%dan 40%ga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Buning uchun qariyb 1 trln so‘m evaziga, 871,7 ming kilometr ichimlik suvi va 180 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, shuningdek, 31 ta suv va 3 ta kanalizatsiya inshootlari barpo etilishi belgilangan.
1-martdan Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshdi. 22-martdan Namangan viloyatida narxlar oshiriladi.
Shuningdek, 20-fevraldan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi o‘zgardi. Bu o‘tgan yilning 20-avgustidan viloyatda belgilangan narxlardan keyingi ikkinchi marotaba oshirilishi bo‘ldi.
2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi.
9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida ichimlik va oqova suv narxining yangi tariflari joriy qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryoda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston hamda Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.