Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (AIIB) O‘zbekistonda barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash uchun $670 mln mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu loyihada qarz oluvchi sifatida hukumatga quyidagi uch yo‘nalishda islohotlar o‘tkazishda ko‘maklashadi:
- bozorlarni shakllantirish;
- fiskal tavakkalchiliklarni boshqarishni takomillashtirish;
- ijtimoiy integratsiya va ekologik barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash.
Loyiha energetika, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l va kimyo sohalarida bir qator sanoat islohotlarini nazarda tutadi.
OIIB tomonidan O‘zbekistonga mazkur mablag‘ ajratilishi 2023-yil dekabr oyida tasdiqlangan.
Islohotlar atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan bozorlarni yaratishga, O‘zbekistonning fiskal boshqaruvi va xaridlar tizimini takomillashtirishga hamda aholining iqtisodiy buzilishlarga eng zaif qatlamlari uchun ijtimoiy dasturlarni takomillashtirish orqali ijtimoiy inklyuziya va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, ular pandemiyadan keyingi davrda sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari samaradorligini oshiradi.
“Biz O‘zbekistonga barqaror bozor iqtisodiyotga o‘tish jarayonida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishdan xursandmiz”, dedi bankning investitsiya operatsiyalari bo‘yicha vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy.
Ijtimoiy himoya tizimlarini birlashtirishni qo‘llab-quvvatlash va iqlim xavfini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga ko‘maklashish ijtimoiy yordam dasturlari samaradorligini oshiradi va O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga yordam beradi.
Avvalroq “Spot” Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki O‘zbekistonga Buxoro-Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish uchun $108 mln ajratishi haqida yozgandi.