“Air Samarkand” xususiy aviatashuvchisi Samarqanddan Istanbulga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Samarqand — Istanbul — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar o‘rta masofali Airbus A321 samolyotlarida olib boriladi.

Parvozlar haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Birinchi reysning ochilishi 21-martga rejalashtirilgan, biroq, chiptalarni 28-martdan boshlab sotib olish mumkin.

Parvoz jadvali (mahalliy vaqt bilan):

  • Samarqanddan jo‘nab ketish — 08:00, Istanbulga kelish — 11:10;
  • Istanbuldan jo‘nash — soat 12:30, Samarqandga yetib kelish — 19:00.

E’lon qilingan vaqtda bagaj bilan bir tomonlama chipta narxi 2,13 mln so‘mdan, qaytish chiptasi esa 1,88 mln so‘mdan boshlanadi.

Aviachiptalarni easybooking.uz sayti orqali xarid qilish yoki 1240 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Aviasales.uz xizmati orqali chiptalarni xarid qilish hozircha mavjud emas.

“Air Samarkand” 2022-yilning aprelida tashkil etilgan. Kompaniya to‘liq tejamkor konfiguratsiyaga ega ikkita o‘rta masofali Airbus A320 samolyotida Rossiya va Osiyoning 14 ta shahriga parvoz qilishni rejalashtirgandi.

2023-yili kuz-qish mavsumida aviakompaniya Samarqanddan Janubi-Sharqiy Osiyo, Turkiya, Xitoy va Yaqin Sharq mamlakatlariga muntazam va charter reyslarini yo‘lga qo‘yishi belgilangandi.