O‘zbekiston hududida tovar-transport yuk xatlarini elektron rasmiylashtirishni va yuk xatlarini saqlash, ularning hisobini yuritish tizimini joriy qilish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “Elektron tovar-transport yuk xati tizimi” (ETTYuX) test rejimida ishga tushirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.
Mazkur tizim qo‘mita huzuridagi “Yangi texnologiyalar” IAM tomonidan tizim operatorlari bilan birga test rejimida ishga tushirildi.
Tizim joriy yilning 1-aprelidan yirik soliq to‘lovchilar, 1-iyulidan esa barcha xo‘jalik yurituvchilar uchun yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tizim xo‘jalik yurituvchilar uchun hech qanday soliqqa oid oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
“Xo‘jalik yurituvchilarda ko‘nikmalarni shakllantirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda tizimdan foydalanishda qulayliklarni birgalikda yaratish maqsad qilingan”, deyiladi xabarda.
Qo‘mita barcha xo‘jalik yurituvchilarni “Elektron tovar-transport yuk xati tizimi"dan foydalanishga chaqirmoqda. Undan qanday foydalanish mumkinligi bo‘yicha videoqo‘llanma bilan bu yerda tanishish mumkin.
Tizimdan havola orqali foydalanish mumkin, buning uchun ERI talab qilinadi. ETTYuX orqali yukni yuborish, yetkazib berish va qabul qilish jarayonlari raqamli imzo bilan tasdiqlanadi yoki sababi ko‘rsatilib, rad etiladi.
Yuk tashish yuk jo‘natuvchi, oluvchi, ekspeditor yoki yuk tashish shartnomasi asosida xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan o‘zining yoki ijaraga olingan transportida amalga oshiriladi.
STIR yoki JShShIR kiritish orqali ETTYuXda rekvizitlar avtomatik shakllanadi. Tizim tovarlarni yetkazishda shartnoma asosida transport ishini hisobga olish, haydovchiga (yukni yetkazib beruvchi mas’ul shaxsga) ish haqi yozish uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, ETTYuX soliq xizmati organlari ma’lumotlar bazasida kamida 5 yil saqlanadi. Agar shartnomada bundan ortiq muddat ko‘rsatilsa, hujjat amal qilish muddatigacha saqlanadi.
Texnik nosozliklar yuzaga kelganda, ETTYuX qog‘ozda rasmiylashtiriladi. Nosozlik bartaraf etilgandan keyin 5 kun ichida qog‘ozda ko‘rsatilgan sana bilan tizimga kiritiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni (71) 202 32 82 yoki 1198 qisqa raqami orqali olish imkoniyati ham mavjud.
1-apreldan yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransportlarga yo‘l varaqalari elektron yuritiladi. Bu bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.