O‘zbekistonda uchuvchisiz uchadigan apparatlarini noqonuniy olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik yengillashtirilmoqda.
Joriy yilning 15-mart kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi.
Dronlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini noqonuniy olib kirish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq harakatlar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Qurilmalar esa musodara qilinadi.
Agar shaxs uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Ilgari bu norma mavjud emasdi.
Bunda, dronlarni noqonuniy olib kirish yoki ulardan foydalanish uchun oldin ma’muriy keyin jinoiy javobgarlik belgilandi. Ilgari to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanardi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan, shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa, qonun buzuvchilar quyidagicha jazolanadi:
- BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach, joriy yilning 15-iyunidan kuchga kiradi.
Dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Yanvarga kelib, Senat noqonuniy harakatlar uchun jazoni yengillashtiruvchi qonunni ma’qulladi.
O‘zbekistonda dronlardan foydalanish
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.
Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.