Avvalroq “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi aviaqatnovlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida 10-martdan ichki reyslarni vaqtincha to‘xtatgandi.
Undan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda aviakompaniya tomonidan fuqarolarga mablag‘lar qaytarilmayotganiga oid e’tirozlar bildirildi.
Holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Natijada, haqiqatan ham “Humo Air” tomonidan joriy yilda 284ta aviareyslar bekor qilingani va aviachipta xarid qilgan yo‘lovchilar pullarini qaytarib ololmayotganliklari ma’lum bo‘ldi.
Aviakompaniya “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19 va 21-moddalari talablarini buzgan.
Xususan, qonunning 19-moddasida ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi shartligi belgilangan. 21-moddada esa, sotuvchi iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi keltirilgan.
Bugungi kungacha “Humo Air"ga iste’molchilardan tomonidan 3000ta murojaat bildirilib, shundan 2000 nafar fuqaroning murojaati qanoatlantirilgan. Aviachipta uchun to‘langan 1,5 mlrd so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarildi.
Shuningdek, 6 nafar iste’molchining talabiga ko‘ra, aviakompaniya o‘z hisobidan 7 mln 498 ming 758 so‘mga boshqa aviakompaniyadan chiptalarni xarid qilib bergan.
Aviakomapaniya tomonidan parvozi amalga oshmagan qolgan yo‘lovchilarga ham pulni qaytarish choralari ko‘rilayotgani qayd etilgan.
Raqobat qo‘mitasi foydalanilmagan aviachiptalar uchun iste’molchilarga to‘lovlarni to‘liq qaytarish bo‘yicha nazorat o‘rnatilganligini ma’lum qildi.
“Humo Air” parki ikkita Airbus A320−200 samolyotidan iborat edi. Loukoster aviakompaniya Bolgariyaning “Fly2Sky” kompaniyasi bilan ijaraga olingan samolyotlarni unga qaytarishga kelishib oldi.
Shu tariqa, 2-mart kuni bort raqami LZ-MDI bo‘lgan avialayner Toshkentdan Plovdivga uchib, lizing beruvchi kompaniyaga qaytdi. Bort raqami LZ-FSD bo‘lgan yana bir samolyot 10-martgacha parvozlarini davom ettirib, keyin “Fly2Sky"ga qaytarilishi aytildi.
Aviakompaniya saytidan chipta xarajatlarini qanday qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.