Joriy yil oxirigacha Toshkentda Referens laboratoriya tashkil etiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Muloqotda mamlakatdagi laboratoriyalar xalqaro standartlarga mos emasligi natijasida o‘zbek meva-sabzavotlariga ishonch so‘nayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari ko‘tarilgan masalaning o‘rinli ekanini qayd etib, muammoning yechimini ko‘rsatib berdi.
Yaqinda O‘mon sultonligi bilan Yuqorichirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ilk xususiy laboratoriya ochildi.
Joriy yilda $8 mln investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday laboratoriyalar ishga tushadi.
Mutasaddilarga 5ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazib, xorijiy davlatlar karantin xizmatlari ro‘yxatiga kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, yil yakunigacha Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil qilib, xususiy laboratoriyalar ishini xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash vazifasi berildi.
Endilikda xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.
Shuningdek, meva-sabzavot sifati bo‘yicha Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlarning milliy talablari o‘rganilib, mamlakatda joriy qilinadi.
Avvalroq davlat rahbari O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi laboratoriyasi bilan tanishgandi. Laboratoriyaning ilmiy salohiyatini oshirish, xorijiy ilmiy yutuqlarni o‘zlashtirib, tezkor tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.