Joriy yilning 1-aprelidan Surxondaryo viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.
14-mart kuni xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, apreldan boshlab bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amalda qo‘llaniladi:
- aholi uchun — 3 100 so‘m (amalda 2140 so‘m);
- budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 7 ming so‘m (5 ming so‘m).
Oqova suv xizmati:
- aholi uchun — 1 750 so‘m (950 so‘m);
- budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 3 250 so‘m (1 800 so‘m).
Bunda narxlar qo‘shimcha qiymat solig‘isiz hisoblangan.
2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun yangi tarif joriy etilgandi.
1-apreldan Navoiy viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi. 1-martdan Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshdi. 22-martdan Namangan viloyatida narxlar oshiriladi.
2023-yilning 1-avgustidan Qashqadaryo viloyatida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. Undan keyin, viloyatda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi.
9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida yangi tariflar joriy qilindi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston va Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi.
Shuningdek, 20-fevraldan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi o‘zgardi. Bu o‘tgan yilning 20-avgustida belgilangan tariflardan keyingi ikkinchi marotaba belgilangan narxlar bo‘ldi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.