O‘zbekiston Fintech Assotsiatsiyasi “WeRise” startap akseleratori ishga tushirilmoqda. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Amerikaning “The Stirling Foundation” jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilib, uning doirasida mamlakatda ijtimoiy va ta’lim loyihalariga e’tibor qaratgan holda startap hamjamiyatini rivojlantirish belgilangan.
Xususan, “WeRise” akseleratorida quyidagi yo‘nalishlarda biznes g‘oyalar, mahsulotlar va yechimlarni taqdim etish mumkin:
- havo va suvning ifloslanishi, ularni tozalash, raqamli vositalar yordamida chiqindilarni qayta ishlash;
- ayollar, bolalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasini oshirish;
- aholi o‘rtasida ta’limni, jumladan EdTechni rivojlantirish.
Loyihada eng yaxshi 10 nafar ishtirokchi 25-aprel kuni investorlar bilan o‘tkaziladigan uchrashuvga (Investorlar kuni) tayyorgarlik ko‘rish uchun intensiv “bootcamp” dasturiga taklif qilinadi. Akselerator doirasidagi darslar ingliz tilida olib boriladi.
Eng yaxshi 5ta loyiha tanlab olinib, quyidagicha moliyaviy rag‘batlantiriladi:
- 1-o‘rin — $15 ming;
- 2-o‘rin — $10 ming;
- 3-o‘rin — $5 ming;
- 4-o‘rin — $2 500;
- 5-o‘rin — $1 500.
Akseleratsiyada ishtirok etish uchun arizalarni 10-aprelgacha havola orqali topshirish mumkin.
Shuningdek, contact@fintech-association.com elektron pochta manziliga xat jo‘natib, akseleratorda ishtirok etmasdan, “Investorlar kuni"ga ro‘yxatdan o‘tish ham mumkin.
Avvalroq “Spot” USAID tadbirkorlar uchun grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida yozgandi.
Unda kichik va o‘rta biznes vakillari, maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchilar hamda NNTlar ishtirok etishlari mumkin.