19-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodini borib ko‘rdi.
Mazkur zavodda 16 turdagi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi va ta’mirlanadi. O‘tgan yili korxonada 32ta yo‘lovchi vagoni tayyorlanib, 319tasi ta’mirlangan. Ehtiyot qismlarining 70%i mahalliylashtirilgan.
Avvalgi yillarda 300dan ziyod yo‘lovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50dan oshig‘i eksportga yuborilgan. 112ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.
Vagonlarda isitish va sovutish tizimlari, havo aylanishi yaxshilangan. Suv isitish uskunasi ham elektr energiyasida, ham ko‘mirda ishlashga mo‘ljallangan. 619 nafar muhandis-ishchi mehnat qiladi. Prezident vagonlarga chiqib, ularning dizaynini o‘zgartirish, yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi.
Elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirib, aholi ko‘p tumanlarga olib borish, sohaning alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Joriy yilda yana yuzlab vagonlarni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kon-metalurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Shu yerda zavodda rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalish — elektr va metropoliten poyezdlari loyihasi ko‘rib chiqildi. Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladigan tezyurar poyezd haqida axborot berildi. Mazkur yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi 2022-yilda ma’lum bo‘lgandi.
Buning uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi mo‘ljallangan.
7 vagondan iborat elektropoyezd 351ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi va soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.
“Hyundai Rotem” O‘zbekistonga tezyurar poyezdlar yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Kompaniyadan 6ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd xarid qilinishi belgilangan bo‘lib, loyiha doirasida Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasidan 185 mln yevro kredit mablag‘lari jalb qilinadi.
Bundan tashqari, “Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha 320 mln yevrolik shartnoma tuzdi. Ishlab chiqarish 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda.