2024-yilning yanvar-fevral oylarida jami 974,2 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumotlarida qayd etilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 103,5 ming nafarga yoki 11,9% ga oshgan.

Dastlabki ikki oyda kelgan chet ellik fuqarolarning eng ko‘pi Tojikistonga to‘g‘ri keladi. Bu davrda mamlakatdan jami 363,4 mingdan ortiq sayyoh kelgan.

Undan keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (291,1 ming) va Qozog‘iston (155,9 ming) fuqarolari turibdi.

Sayyohlar ko‘p tashrif buyurgan davlatlar beshligini Rossiya (77,9 ming) va Turkmaniston (20,2 ming) yakunlab berdi.

Shuningdek, mazkur davrda Turkiya (14,3 ming), Hindiston (7 ming), Xitoy (5,5 ming), Janubiy Koreya (5,4 ming) hamda Belarusdan (2,2 ming) ham sayyohlar oqimi kuzatilgan.

Shu bilan birga, boshqa davlatlardan 31,3 ming sayyoh mamlakatga kelgan.


Avvalroq “Spot” 2023-yilda O‘zbekistonga sayyohlar ko‘proq qaysi davlatlardan kelgani haqida yozgandi.

Mamlakatga tashrif buyurgan xorijlik turistlar soni 6,6 mlnni tashkil etib, deyarli pandemiyadan oldingi darajaga yetdi.

Sayyohlarning asosiy oqimi, ya’ni 90%dan ortig‘i Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Rossiyaga to‘g‘ri keladi.