Kripto-birja va kripto-do‘konlar uchun yig‘imlar miqdori oshiriladi. Bu bo‘yicha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, quyidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdori oshiriladi:

  • kripto-birja faoliyati uchun BHMning 740 baravari — 251,6 mln so‘m (amalda 136 mln so‘m);
  • kripto-do‘kon faoliyati uchun BHMning 185 baravari — 62,9 mln so‘m (6,8 mln so‘m).

Mazkur qaror e’lon qilingan kunidan uch oy o‘tgach, 19-iyundan kuchga kiradi.

NAPPning ta’kidlashicha, kiritilayotgan o‘zgartirishlar budjetga tushumlarni kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi. Bu xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning moliyaviy holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar, xususan kripto-birjalar va kripto-do‘konlar faoliyati tahlili ularning yetarli darajada rentabelligini ko‘rsatgan.

Yanvar oyi boshida NAPP “Binance” kriptobirjasiga 102 mln so‘m jarima solgandi. Bunga kripto-birjaning O‘zbekiston hududida faoliyatini tashkil etish uchun tegishli litsenziya olmagani va yana bir qator qonun buzilish holatlari sabab bo‘lgan.

Undan keyin, agentlik direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak kriptobirjadan jarima undirish uchun sudga murojaat qilinishini bildirdi.