O‘zbekistonda o‘rta biznesni kreditlashda moliyaviy mahsulotlar qamrovi cheklangan.

Bu haqda 19-mart kuni Markaziy bankda mikrobiznes, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha seminarda taqdim etilgan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC)ning moliya bo‘yicha global eksperti Mari-Paul Klaes taqdimotida aytildi. (“Spot"da mavjud).

“PricewaterhouseCoopers” (PwC) tahliliga ko‘ra, mamlakatda savdo, mobil va internet-ekvayring, p2p-kreditlash, kraudfanding va islomiy banking xizmatlaridan foydalanish imkonsizligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, garovsiz kreditlar berish bo‘yicha moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat va marketpleyslar, debitorlik qarzlar bilan ta’minlangan kreditlar va faktoring qisman rivojlangan.

Cheklangan imkoniyatlarga esa mikromoliya, investitsion menejment, aylanma kapital uchun kreditlar, overdraft, revolver kreditlar va POS-kreditlari kiradi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi Markaziy bankka quyidagi tavsiyalarni beradi:

  • o‘rta biznesning ehtiyojlarini qondirishga tranzaksion bank mahsulotlarini takomillashtirish;
  • yanada samarali kreditlash kanallarini yaratish va tarqatish;
  • o‘rta kompaniyalar foydalanishi mumkin bo‘lgan moliyaviy barqarorlik rejasini (FSP) va mahsulotlarini diversifikatsiya qilish;
  • ma’lumotlar integratsiyasi, almashinuvi va sifatini oshirish;
  • ma’lumotlar va raqamli to‘lovlar narxini pasaytirish.

Yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini ma’lum qilgandi.