Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Humo Air” xususiy aviakompaniyasiga nisbatan jarima belgilamadi. Bu haqda qo‘mita raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov 20-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini buzgani va ularga noqulaylik tug‘dirayotgani sababli loukoster “Humo Air” aviakompaniyasiga nisbatan tezkor chora ko‘rgan. Bugungi kungacha 3 mingdan ortiq yo‘lovchi pullari qaytarilgan yoki boshqa aviakompaniyalar reyslariga joylashtirildi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplashga ko‘rsatma berish qo‘mita vakolatiga kirishini ta’kidladi. Agar kompaniya qo‘mita ko‘rsatmasini bajarmasa, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
““Humo Air"ga nisbatan hech qanday jazo choralari qo‘llanilmaganining sababi — qo‘mita talablarining bajarilishi ta’minlanmoqda. Shuning uchun ham hozirdagi asosiy maqsad iste’molchilar huquqlarini tiklashdir”, — deya xulosa qildi Asadulla Qayumov.
Avvalroq “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi aviaqatnovlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida 10-martdan ichki reyslarni vaqtincha to‘xtatgandi. Undan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda aviakompaniya tomonidan fuqarolarga mablag‘lar qaytarilmayotganiga oid e’tirozlar bildirildi.
Raqobat qo‘mitasi aviakompaniya “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19 va 21-moddalari talablarini buzganini ma’lum qildi. Iste’molchilardan 3000ta murojaat bildirilib, shundan 2000 nafar fuqaroning murojaati qanoatlantirildi, 1,5 mlrd so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarildi.
“Humo Air” parki ikkita Airbus A320−200 samolyotidan iborat edi. Loukoster aviakompaniya Bolgariyaning “Fly2Sky” kompaniyasi bilan ijaraga olingan samolyotlarni unga qaytarishga kelishib oldi.
Shu tariqa, 2-mart kuni bort raqami LZ-MDI bo‘lgan avialayner Toshkentdan Plovdivga uchib, lizing beruvchi kompaniyaga qaytdi. Bort raqami LZ-FSD bo‘lgan yana bir samolyot 10-martgacha parvozlarini davom ettirib, keyin “Fly2Sky"ga qaytarilishi aytildi.
Aviakompaniya saytidan chipta xarajatlarini qanday qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.