Farg‘ona viloyatida “Qo‘qon” aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
20-mart kuni aeroport birinchi texnik parvozni qabul qildi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining A320 NEO samolyoti ekipaji Qo‘qon aeroportiga qo‘ndi.
Viloyat aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi 2000 metrgacha uzaytirilib, A320 va ATR72−600 rusumli samolyotlar uchun ikkita to‘xtash joyiga ega perron rekonstruksiya qilindi.
Shuningdek, aeroportda 100 kishiga mo‘ljallangan 900 kv.m maydonli yangi yo‘lovchi terminali qurildi.
Toshkent — Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha “Uzbekistan Airways"ning texnik parvozi aerodromning samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga, terminalning yo‘lovchilarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.
Muntazam parvozlarni joriy yilning 1-aprelidan boshlash rejalashtirilgan.
Aeroport 2001-yilda fuqaro aviatsiyasi samolyotlarini qabul qilishni to‘xtatgan va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan.
Avvalroq “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroporti uchun Germaniyaning “Cobus Industries” kompaniyasidan avtobuslar xarid qilgandi.