Saudiya Arabistoni hukumati sun’iy intellekt texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun taxminan $40 mlrdlik fond yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Saudiya Arabistoni Mark Andressen va Ben Xorovits tomonidan yaratilgan Kremniy vodiysi venchur fondi “Andreessen Horowitz” va boshqa investorlar bilan hamkorlikni muhokama qilmoqda.

Qirollik rasmiylari hamkorlarga mamlakatda bir nechta texnologik startaplarni, shu jumladan o‘zlarining sun’iy intellekt kompaniyalarini tashkil etish haqida o‘ylashayotganini aytishdi.

Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonining sarmoyaviy loyihasi katta ehtimol bilan joriy yilning ikkinchi yarmida amalga oshirila boshlaydi.

Shuningdek, nashrning manbalari Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi gubernatori Yosir al-Rumayyan va Mark Andressen Ar-Riyodda “Andreessen Xorovitz” vakolatxonasini ochish imkoniyatini muhokama qilgani haqida xabar berishdi.

“The New York Times” nashrining yozishicha, jamg‘arma Saudiya Arabistonini sun’iy intellekt bo‘yicha dunyodagi eng yirik investorga aylantirishi va iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishga sodiqligini ko‘rsatishi mumkin.

Qayd etilishicha, mamlakat bu maqsadlarni aktivlari $900 mlrddan ortiq bo‘lgan Suveren jamg‘arma orqali amalga oshiradi.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Google” bilan sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya “Google"ning “Gemini” sun’iy intellekt modelini iPhone’ga integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.