Yaponiyaning “Sony” kompaniyasi PlayStation VR2 virtual reallik garniturasini ishlab chiqarishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” kompaniyadagi manbalarga tayanib xabar berdi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, “Sony” allaqachon o‘z omborlarida juda ko‘p sotilmagan qurilmalarga ega va ular talabga ega emas. Kompaniya talab ortmaguncha “PS VR2” ishlab chiqarishni qayta tiklashni rejalashtirmayapti.
“Bloomberg” avvalroq “PlayStation VR2” sotuvi birinchi oyda kutilgan natijalarni oqlamagani haqida xabar bergan edi.
Kompaniya sotuvlar boshlanishiga qadar 2 mlnga yaqin virtual dubulg‘a ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, 270 mingdan ko‘p bo‘lmagan qurilmalarni sotishga muvaffaq bo‘ldi.
Nashr qurilmalarning dastlabki sotuvidagi muvaffaqiyatsizlikni foydalanuvchilar va texnologiya kompaniyalari o‘rtasida metaversesga bo‘lgan qiziqishning pasayishi, shuningdek, yuqori narx bilan bog‘ladi.
“PlayStation VR2” AQShda $549 dollar turadi va yana $499lik PS5 konsolini talab qiladi, bu esa qimmatga tushadi.