“Uzbekistan Airways” Moskvadagi yo‘lovchilardan aeroportlarga vaqtliroq kelishni so‘ramoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 22-mart kuni Moskvadagi “Crocus City Hall” konsert zalida terakt sodir etildi: qurollangan shaxslar odamlarga qarata o‘t ochdi.

Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar mavjud. Mazkur holatdan keyin Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

“Uzbekistan Airways” Domodedovo va Vnukovo xalqaro aeroportlaridan parvoz qiladigan yo‘lovchilarni Moskva aeroportlariga belgilangan vaqtdan oldinroq kelishlarini so‘raydi.

Hozirda Moskvaga va Moskvadan bo‘lajak parvozlar jadvalida o‘zgarishlar yo‘q. Parvozlar jadvali bilan batafsil havola orqali onlayn tanishish mumkin.

Shuningdek, aviakompaniya 25-mart kuni HY9647/9648, Toshkent-Sochi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar kechiktirilishini ma’lum qildi. Bu texnik sabablar bilan izohlangan.

Mazkur yo‘nalishdagi qatnov quyidagi jadval asosida (mahalliy vaqt bilan) amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

  • Toshkentdan jo‘nab ketish — soat 13:05, Sochiga yetib kelish soat 15:00;
  • Sochidan jo‘nab ketish — soat 16:30, Toshkentga yetib kelish — soat 21:55.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” 20−24 mart kunlari oralig‘ida Nukus, Buxoro, Urganch, Farg‘ona hamda Namangan shaharlariga qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘ygandi.