Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.

Mayning-pul mayning jarayonini ta’minlash uchun hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi platformani taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi. Ularga O‘zbekistondagi (milliy) ham, xorijiy maynerlar ham ulanishi mumkin.

Mayning-pul o‘z faoliyatini faqatgina elektron platforma orqali amalga oshiradi va o‘z platformasining zarur darajada ishlashini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, mayning-pul yaratuvchisi ishtirokchilarning operatsiyalari hisobini alohida yuritishi, ishtirokchilarining mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarini chiqarish bo‘yicha talabnomalari ijrosini ta’minlashi kerak.

Uning mas’uliyatiga amalga oshirilgan kundalik operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarning zaxira nusxasini yaratish va kripto-aktivlarni reklama qilish hamda qonunchilik talablariga rioya etish ham kiradi.

Mayning-pul platformasida kripto-aktivlarni sotib olish, sotish yoki ayirboshlash, mayning-pul ishtirokchilarining kripto-aktivlarini saqlash taqiqlanadi. Muomalaga chiqarilgan tokenlarni kripto-hamyonlarga o‘tkazish va anonim kripto-aktivlarni qazib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mayningni amalga oshirish uchun majburiy identifikatsiyadan o‘tish kerak. Milliy maynerlar buning uchun quyidagi hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etadilar:

  • mayningni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma nusxasi;
  • STIR, yuridik shaxsning to‘liq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami va elektron pochtasi;
  • mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarni chiqarish mo‘ljallanayotgan kripto-hamyon manzili;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishdagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa ma’lumotlar.

Xorijiy maynerlar — jismoniy shaxslar shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, bog‘lanish ma’lumotlari (yashash manzili, elektron pochta manzili va telefon raqami) hamda kripto-hamyon manzilini taqdim etadilar.

Shuningdek, xorijiy yuridik shaxslar pochta va elektron pochta manzili, telefon raqami, guvohnoma raqami va berilgan sanasi, bank rekvizitlari hamda kripto-hamyon manzilini yuborishadi.

Mayning-pulning O‘zbekistonning jismoniy shaxslari va 18 yoshga to‘lmagan shaxslar bilan shartnomalar tuzishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mayning-pul tashkilotchilari, agar shartnoma talablari buzilsa yoki uning arizasi asosida uni uzib qo‘yish huquqiga ega.

Bundan tashqari, ishtirokchilarni platformadan uzib qo‘yish ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish haqidagi qaror asosida ham amalga oshiriladi.

Ishtirokchilar orasida daromadlarni taqsimlash qoidalari mayning-pulning lokal aktlari bilan belgilanadi. Mablag‘lar faqat kripto-aktivlarda taqsimlanadi hamda shartnomada belgilangan shartlarda kripto-hamyon manziliga chiqariladi.

Mayning-pul ko‘rsatgan xizmatlari uchun xizmat haqini kripto-aktivlarda olishi mumkin.

Avvalroq kripto-birja va kripto-do‘konlar uchun yig‘imlar miqdori oshirilishi haqida xabar berilgandi.