Oltin narxi o‘zining rekord ko‘rsatkichini qayd etdi, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.
21-mart kuni oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $2210 dollargacha oshib, navbatdagi tarixiy rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.
Qimmatbaho metalning untsiyasi $2200dan oshdi, ammo keyinchalik oltin narxi biroz pasaydi.
O‘zbekiston Markaziy banki ham oltin quymalarining narxini belgiladi. 1 gram oltin narxi ilk bor 900 000 so‘mdan oshdi. 50 gr quymaning narxi 45,2 mln so‘m bo‘lib turibdi.
“Bloomberg” e’lon qilgan xabarda tahlilchilar qisqa muddatda oltin narxining 1 troya unsiyasi uchun $2300ga qarab ketishi mantiqiy ekanini ta’kidlamoqda.
2023-yilning oktabrida oltin narxi besh oy ichida birinchi marta bir unsiya uchun 2000 dollargacha ko‘tarilgani xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, oltin narxining oshishiga Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘lgan.
Noyabr oyida esa “Business Insider” nashri qimmatbaho metalning bir troya unsiyasi $2500gacha ko‘tarilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, siyosiy noaniqlik ham qimmatbaho metal narxining oshishiga yordam beradi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari ikki oyda $2 mlrddan ortiqqa kamaygani haqida yozgandi.
Mamlakat zaxiralari yanvar-fevral oylarida jami $2,37 mlrdga kamayib, $32,2 mlrdni tashkil etdi.