Ispaniya Oliy sudi “Telegram” messenjerining mahalliy ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan shikoyatlar tufayli mamlakatdagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

Ispaniyada “Telegram"dan foydalanish “Atresmedia”, “EGEDA”, “Mediaset” va “Telefonica” media kompaniyalari talabiga ko‘ra dushanbadan vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Ularga “Telegram” o‘z foydalanuvchilariga mualliflik huquqi egalarining roziligisiz kontent yuklash imkonini berayotgani yoqmaydi.

“Sudya Santyago Pedras da’volar tekshirilayotgan paytda Ispaniyada „Telegram“ xizmatlarini bloklashga rozi bo‘ldi. Sud manbasi messenjer xizmatlarini bloklash mobil provayderlar zimmasida bo‘lishini aytdi”, deb yozadi “Reuters”.

"Telegram" messenjeri egalari ham, Ispaniya Oliy sudi matbuot xizmati ham bu ma’lumotga rasman izoh bermadi.

Qayd etilishicha, messenjer Ispaniyada to‘rtinchi eng ommabop xabar almashish xizmati hisoblanadi — ispanlarning deyarli 19%i undan foydalanadi.


Avvalroq “Spot” “Telegram” $330 mlnlik korporativ obligatsiyalar chiqargani haqida yozgandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durov bitim ishtirokchilari yuqori darajadagi jahon fondlari bo‘lganini qayd etdi.