Qirg‘izistondagi “O‘zavtosanoat” avtomobil zavodida birinchi avtomobil may oyi oxirigacha ishlab chiqariladi. Bu haqda “Altin Tulpar Unaa Kurulush” loyihasi rahbari Bahodir Baxautdinov Qirg‘izistonning “ElTR” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” bilan qo‘shma loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirish may oyining oxiriga mo‘ljallangan. Zavodning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
“Birinchi bosqich — keyingi mahalliylashtirish bilan yig‘ish. Birinchi mashina [zavodning] ochilishi bilan chiqadi. May oyining oxiriga qadar biz birinchi avtomobil — „Chevrolet“ yengil avtomobillari va „Isuzu“ tijorat avtomobillarini chiqarishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Bahodir Baxautdinov.
“O‘zavtosanoat” 27-yanvar kuni ikki davlat o‘rtasidagi biznes-forum chog‘ida Qirg‘izistonda avtomobil ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib oldi. Konsernning qo‘shma korxonadagi hamkori “DT Technik” kompaniyasi bo‘ladi.
Zavod ishga tushirilishining birinchi yilida yirik blokli yig‘ish usuli bo‘yicha 10 mingta avtomobil ishlab chiqarish kutilmoqda.
Kelgusida ishlab chiqarish 30 mingtagacha ko‘payadi va ayrim butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hisobiga kichik ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Chuy viloyatida avtomobillarni yig‘ish va ishlab chiqarish zavodi qurilishi o‘tgan yilning may oyi o‘rtalarida boshlangandi.
Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov loyihani “har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi.
Yanvar oyi oxirida Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev noqulay ob-havo tufayli avtomobil zavodining ishga tushirilishi olti oyga qoldirilishini ma’lum qildi. Birinchi mahsulotlarni iyun oxirigacha taqdim etish rejalashtirilgan edi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda fevral oyida avtomobil bozorida savdolar sezilarli kamaygani haqida yozgandi.