Toshkent shahrida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi (faoliyat yuritish muddati 30 yil) tashkil etiladi.
Hududda 2025-yil yakunigacha $1,5 mlrd miqdorigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari o‘zlashtirilishi, natijada 2,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi.
Maxsus sanoat zonasi faoliyati davomida uning ishtirokchilariga maxsus iqtisodiy zonalari ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.
Uni boshqarish uchun mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Yangi avlod” boshqaruvchi kompaniyasi tashkil etiladi
“Yangi avlod” MSZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari boshqaruvchi kompaniya tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga beriladi.
Avvalroq “Spot” Ohangaron yaqinida umumiy qiymati $100 mlnr bo‘lgan O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma korxonalari uchun sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.