“Binance” o‘zining rossiyalik biznesini sotish bo‘yicha bir nechta potentsial xaridorlar bilan muzokaralar olib bormoqda, deb yozadi “Forbes.ru” kripto-birja matbuot xizmatiga tayanib.

Kompaniya ta’kidlaganidek, dastlab xaridor sifatida harakat qilgan “CommEX” kripto almashinuvchisi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan.

25-mart kuni platforma bosqichma-bosqich yopilishini e’lon qildi va yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatdi.

Qaror mavjud vaziyatni chuqur tahlil qilish va strategik rejalarni ko‘rib chiqish bilan izohlangan “CommEX” foydalanuvchilari endi fiat valyutalari yoki kripto aktivlarini o‘z hisoblariga o‘tkaza olmaydi.

28-martdan boshlab kriptovalyuta fyuchers pozitsiyalarini yaratishni, 2-apreldan boshlab esa p2p bozorida reklamalarni qabul qilishni to‘xtatadi. Keyin fyuchers va spot bozorlardagi barcha savdo juftliklari saytda yopiladi va qolgan buyurtmalar bekor qilinadi.

“CommEX” veb-sayti 10-may kuni butunlay yopiladi. Ayni paytda hisoblarda qolgan kriptoaktivlar (stabilkoinlardan tashqari) USDTga aylantiriladi.

Sayt yopilgandan keyin aktivlarni saqlash uchun 1% to‘lov olinadi. Foydalanuvchilarga tezda pozitsiyalarni yopish va aktivlarni uchinchi tomon hamyonlariga olib qo‘yish tavsiya qilindi.

“CommEX” 2023-yil sentabr oyida “Binance” bilan Rossiyadagi aktivlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Xalqaro platforma o‘zining muvofiqlik strategiyasiga mos kelmasligi tufayli asta-sekin Rossiya bozoridan chiqib ketishga va’da berdi.

Bungacha kriptovalyuta birjasi Ukrainada keng ko‘lamli mojaro boshlanganidan keyin kiritilgan sanksiyalarni hisobga olib, rossiyalik mijozlarning faoliyatini cheklab qo‘ygan edi.

2023-yil mart oyida ular uchun p2p xizmati orqali dollar va yevro sotib olish va sotish, avgust oyida esa rubldan tashqari har qanday valyutalar yopildi.


Avvalroq “Spot” NAPP jarima to‘lamaganligi uchun “Binance” kriptobirjasini sudga bermoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Shuningdek, agentlik p2p tranzaksiyalarini nazorat qilishning samarali mexanizmi yo‘qligi sababli uni qonuniylashtirishni rejalashtirmayapti.