Xitoyning “China Mining Energy Group” kompaniyasi Namangan viloyatida mis qazib olish va qayta ishlashga $200 mlnsarmoya kiritmoqchi. Bu haqda kompaniya vakili Lyu Fang Yuan “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatida umumiy qiymati $2,3 mlrdlik 17 ta investitsiya loyihasi bilan tanishdi va investorlar bilan shaxsan suhbatlashdi. Viloyatda jami $4 milrdlik 47 ta investitsiya loyihasi shakllantirildi.

O‘z navbatida “China Mining Energy Group” Chust viloyatidagi mis konlarini o‘zlashtirish niyatida.

Aprel oyida Xitoy kompaniyasidan mutaxassislar kelib, geologiya qidiruv ishlarini olib boradilar, shundan so‘ng sarmoya kiritiladi.

Loyihaning quvvati yiliga 30 ming tonna, budjet daromadlari esa 121 mlrd so‘mni tashkil etadi. Investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida 420 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Direktor Liu Fang Yuanning so‘zlariga ko‘ra, “China Mining Energy Group” 2003-yilda tashkil etilgan.

Kompaniya $32 mlrdlik aktivlarga va 40 ming ishchiga ega, shuningdek, oltin, mis va alyuminiy qazib olish bo‘yicha 17 mamlakatda ishlaydi.