Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shuningdek, Namanganni Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.
Qirg‘iz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilab, mahalliy sanoat zonalarida yangi korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ta’kidladi.
Yettita yirik investitsiya loyihasi uchun Sanoat jamg‘armasidan $37 mln ajratish rejalashtirilgan.
Viloyatda o‘zlashtirilmagan 29 ta metall bo‘lmagan materiallar konlari mavjud bo‘lib, ularni o‘zlashtirish tadbirkorlar tomonidan taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, xitoylik investorlar Alichelek mis konlariga $200 mln sarmoya kiritishga tayyor.
Davlat rahbari qishloq xo‘jaligidagi qator vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi, ayniqsa, ular orasida suvni tejash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Kanallarni betonlash va uchta suv ombori qurishni tezlashtirish, 60 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.