Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatida umumiy qiymati $1,1 mlrdlik, umumiy quvvati 1,28 GVt bo‘lgan uchta energetika obyekti qurilishini boshlab berdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Bugungi kunda Namanganda 913 MVt ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, so‘nggi uch yilda viloyatda elektr energiyasi iste’moli 24%ga oshdi va kelgusida ham o‘sishda davom etadi. Viloyatda gidroelektr stansiyalar kaskadi va ikkita quyosh stansiyasini qurish rejalashtirilgan.
Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati $434 mln evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi"ni barpo qiladi.
Buning natijasida yiliga 1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 mln metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalangan holda yangi gidroelektr stansiyalar kaskadi quriladi. Bu birinchi to‘liq mahalliy GES bo‘lib, unda 133 kishi ishlaydi.
Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.
Mazkur loyihaning qiymati $350 mln bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 mlrd 95 mln kVt/soatni tashkil etdi.
BAAning “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati $350 mln, quvvati 500 megavatt bo‘ladi.
Natijada Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2141 megavattga yetadi.
Yillik 7,8 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 mlrrd kVt soatlik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30% elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.
Avvalroq “Spot” prezident “Voltalia” kompaniyasi bilan Xorazmda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start bergani haqida yozgandi.
Stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan. Uning natijasida yiliga 254 mln kilovatt soat yashil energiya ishlab chiqariladi.