AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) avtomobil sanoati uchun turli xil ifloslantiruvchi moddalar uchun emissiya standartlarining yakuniy versiyasini tasdiqladi.

Yangi normalar 2032-yilga borib, mamlakatda avtomobil savdosining kamida 56%ini elektromobillar tashkil etishini nazarda tutadi.

Shu bilan birga, gibrid va boshqa qisman elektromobillarning ulushi kamida 13%ni tashkil qilishi kerak.

Yangi standartlar 2027-yildan 2032-yilgacha ishlab chiqariladigan yengil va o‘rta o‘lchamli avtomobillarga tegishli.

Ma’muriyat sotilishi mumkin bo‘lgan avtomobillar soni bo‘yicha aniq kvotani belgilamaydi, lekin har bir ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar uchun o‘rtacha yillik chiqindilar miqdorini asta-sekin cheklaydi.

Amaldagi standart bilan solishtirganda, yengil avtomobillar uchun emissiya chegaralari 2026-model yili uchun 50% ga va o‘rta yuk avtomobillari uchun 44% ga kamayadi.

Umuman olganda, AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi yangi standartlar 7 mlrd tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarining oldini oladi va iqtisodiyotga yillik $100 mlrdga yaqin foyda keltiradi, deb hisoblaydi.


Avvalroq “Spot” hududlar markazlarida Yevro-5 standartiga javob bermaydigan avtomobillarga cheklov qo‘yilishi haqida yozgandi.

Bunda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida Yevro-5 va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomobillar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.