“Uzum” raqamli ekotizimiga $100 mln xorijiy sarmoya jalb etildi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“A” seriyasida lid-investor sifatida “Finsight Ventures” global venchur fondi, “Xanara Investment Management” Hindistondan boshqaruv kompaniyasi va “Uzum” ekotizimining bir qator top-menejerlari ushbu raundga izdoshlar sifatida qo‘shilishdi.
Kapitalga investitsiyalar $50 mlnan oshdi, $50 mlndan ko‘proq mablag‘ni ekotizim ilgari qarz mablag‘lari shaklida jalb qilgan
“Uzum” O‘zbekiston tarixida qiymati $1 mlrddan ortiq bo‘lgan birinchi texnologik “yakkashox” kompaniya bo‘ldi.
2024-yilda ekotizim respublikada elektron tijorat uchun eng yirik logistika majmuasini ochish niyatida, bu esa elektron tijorat aylanmasini 2,5 barobarga oshiradi.
“Uzum” jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes subyektlarinii garovsiz kreditlash sohasida mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va to‘plangan mablag‘larni logistika va IT infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirishni, shuningdek, o‘zining to‘lov xizmatini moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.
“O‘tgan yili $100 mlnga yaqin sof foyda oldik, joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni „Uzum“ ekotizimiga xizmatlarni integratsiyalashuvi hisobiga oshirish niyatidamiz. Bu yil ekotizimda biznes va xususiy foydalanuvchilar uchun yangi yo‘nalishlar va xizmatlar paydo bo‘ladi”, — dedi “Uzum” asoschisi va bosh direktori Jasur Jumaev.
O‘tgan yili “Uzum"ning oylik auditoriyasi 10 mln kishiga yetdi, elektron tijorat aylanmasi esa $150 mlndan oshdi.
Hozirda ekotizimning barcha komponentlari birlashtirilmoqda: jismoniy shaxslar uchun “Uzum”, yuridik shaxslar uchun “Uzum Business”.
“Yagona platforma va superapp doirasida xususiy foydalanuvchilar va yuridik shaxslar uchun marketpleys, qulay to‘lov yechimlari va moliyaviy xizmatlarni birlashtirish bizga mamlakatga xos xizmatlarni rivojlantirishga imkon beradi”, — dedi “Uzum” strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Seleznev.
Uning ta’kidlashicha, internetning kirib borishi va smartfon foydalanuvchilari sonining ko‘payishi bilan onlayn to‘lov bozori hajmi ham oshadi.
“2026-yilga kelib u 6 baravar, e-commerce bozori xuddi shu davrda 8−9 baravar, FinTech esa 8 baravar o‘sishi kutilmoqda”, dedi Seleznev.
Raund natijalariga ko‘ra, investorlar 5% dan kam paketni olishadi. 2024-yil davomida “Uzum” ekotizimi Yaqin Sharq mamlakatlari, Buyuk Britaniya va AQSh fondlari ishtirokida davomida $200 mln jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” “Uzum” moliya va xaridlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan media-loyiha ochgani haqida yozgandi.
Saytda moliyaviy savodxonlik va xavfsizlik mavzulari bo‘yicha materiallar, shuningdek sharhlar nashr etiladi.