QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi
Endilikda quyidagilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi.
Savdo aylanmasi bo‘yicha:
- tibbiy xizmatlar;
- veterinariya xizmatlari;
- dori vositalari;
- veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar.
O‘zbekiston hududiga olib kirishda:
- dori vositalari;
- veterinariya dori vositalari;
- tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar;
- belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan xomashyo.
Aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha:
- suv ta’minoti;
- kanalizatsiya;
- sanitariya jihatdan tozalash;
- issiqlik ta’minoti.
Avval mazkur xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha aylanmaga QQSning nol darajali stavkasi qo‘llanilgan.
Birjada neft mahsulotlari narxi oshiriladi
Neft mahsulotlari va boshqa aksiz to‘lanadigan tovarlar va xizmatlarga nisbatan soliq stavkalari oshiriladi.
Neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi aksiz solig‘i quyidagicha oshiriladi:
- AI-80 benzini 1 tonnasi uchun — 303 ming so‘mdan 340 ming so‘mga (37 ming so‘mga);
- Aviakerosin (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun — 242 ming so‘mdan 271 ming so‘mga (29 ming so‘mga);
- Dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun — 291 ming so‘mdan 326 ming so‘mga (35 ming so‘mga);
- EKO dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun — 262 ming so‘mdan 293 ming so‘mga (31 ming so‘mga).
Neft mahsulotlarini va suyultirilgan gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i quyidagicha oshiriladi:
- AI-80 benzini 1 tonnasi uchun — 565 ming so‘mdan 633 ming so‘mga (68 ming so‘mga);
- dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun — 516 ming so‘mdan 578 ming so‘mga (68 ming so‘mga);
- Suyultirilgan gaz 1 tonnasi uchun — 807 500 so‘mdan 904 ming so‘mga (96 500 so‘mga).
“O‘zbekneftgaz” neft mahsulotlari va suyultirilgan gazini birja savdolari orqali sotishdagi boshlang‘ich narxlari aksiz solig‘i o‘zgarishi inobatga olingan holda shakllantirilgan boshlang‘ich narxlarda amalga oshiriladi.
Mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga subsidiyalar beriladi
2024-yilning 1-aprelidan 2026-yilning 1-apreligacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga imkoniyati cheklanganlar uchun jihozlangan har bir maxsus xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
- yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 mln so‘m;
- yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 mln so‘m.
Bunda subsidiyalar mehmonxonaning kamida 3ta xonasi nogironligi bo‘lganlar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlangan, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilgan taqdirda ajratiladi.
Ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi
Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1ta shaxsga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
Bu “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yuritiladigan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarning reyestriga kiritilganlarga taqdim etiladi.
Shuningdek, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
- ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
- ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Avtotransportlarga yo‘l varaqalari elektron yuritiladi
Joriy yilning 1-aprelidan 1-oktabrigacha avtotransportlarga yo‘l varaqalarini elektron rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.
Bu davrda elektron yo‘l varaqalari Transport vazirligining “Uztrans” yagona axborot tizimining “Elektron yo‘l varaqa” avtomatlashtirilgan tizimi orqali rasmiylashtiriladi va yuritiladi.
Elektron yo‘l varaqalari avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan mustaqil rasmiylashtiriladi.
Yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklini cheklamagan holda elektron ko‘rinishiga o‘tiladi. Elektron tizim shaxsiy yengil avtomobilida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar uchun amal qilmaydi.
Platformasini yaratish va xizmat ko‘rsatish uchun milliy operatorlar tanlov asosida jalb etilishi mumkin. Tizimdan foydalanishda yig‘im undirilmaydi.
Mis xomashyosini birjadan bo‘lib-bo‘lib sotib olishga ruxsat beriladi
Birja savdolari orqali xarid qilingan mis uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Bunda mahsulot qiymatining 25%i bo‘nak tarzida to‘lansa, qolgani mis olinganidan so‘ng 90 kun ichida to‘lanishi mumkin.
Mazkur imkoniyat berilgan har bir kun uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan summa muddatiga qarab belgilanadi. Xususan, dastlabki 30 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar uchun foiz hisoblanmaydi.
31 kundan 60 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga Markaziy bank asosiy stavkasining 50%i miqdorida foiz hisoblanadi. 61 kundan 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismi uchun esa asosiy stavka miqdorida belgilanadi. Mazkur o‘zgarishlar 1-aprelgacha tuzilgan shartnomalarga amal qilmaydi.
Ko‘chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshiriladi. Bunda qarzdorlik bartaraf etilgach notaril harakat amalga oshiriladi.
Barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona tizim orqali xizmat ko‘rsatib, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinadi.
Ular xizmat ko‘rsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonaga beriladi.
IT-sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha elektron shartnomalar tan olinadi
Prezidentning tegishli qarori bilan, huquqiy eksperiment tarzida raqamlashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eksport shartnomaviy hujjatlarni xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat berilishi belgilangan.
Eksperiment doirasida apreldan “IT Park” rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar (amalga oshirishi ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga muvofiq) eksporti bo‘yicha xalqaro platformalarda elektron shaklda rasmiylashtirilgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.
Bunda shartnomalarning qiymati $100 ming yoki ushbu ekvivalentga teng miqdorgacha bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turida hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibi belgilangan.
Qoidalar O‘zbekiston hududidagi barcha tabiiy suv havzalarida faoliyat olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Baliqlarning urchish davrida, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi tabiiy suv havzalarida 26-apreldan 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.
“Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanloviga arizalar qabuli boshlanadi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori bo‘yicha ijtimoiy xodimlar o‘rtasida “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish belgilangan.
Joriy yilning 1-apreligacha ko‘rik tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon berilishi kerak. Nomzodlar 30-aprelgacha agentlik sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Hududiy saralash bosqichida g‘olib bo‘lganlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:
- 1-o‘rin — 5 baravari (5 mln 250 ming so‘m);
- 2-o‘rin — 3 baravari (3 mln 150 ming so‘m);
- 3-o‘rin — 2 baravari (2 mln 100 ming so‘m).
Respublika final bosqichida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha quyidagicha mukofotlanadi:
- 1-o‘rin — 20 baravari (21 mln so‘m);
- 2-o‘rin — 15 baravari (15 mln 750 ming so‘m);
- 3-o‘rin — 10 baravari (10 mln 500 ming so‘m).
Tadbirkorlarga subsidiya va imtiyozlar ularning reyting darajasiga qarab taqdim etiladi
Joriy yilning 1-fevralidan “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” joriy etildi. U qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
- “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
- “VVV”, “VV” va “V” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
- “CCC”, “CC” va “C” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
- “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.
Joriy yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.
Reytingda tadbirkorlar faoliyati umumiy, ballarni kamaytiruvchi hamda qo‘shimcha ball beruvchi mezonlar bo‘yicha baholanadi. Reytingini hisoblashda 23ta mezon, jumladan, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.
Reyting mezonlari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari doirasida xorijiy yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
- 3ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 15%;
- 2ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 12%;
- 1ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etganda — 8%.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mashhur shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi ishga tushiriladi
“Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi. Uning doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi belgilanib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan eng yaxshi 50ta media mahsulotning har biri 50 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Xon qabuli” teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimi namuna sifatida Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasida tashkil etiladi.
Aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi amalga oshiriladi.
Tegishli manzillarda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi.
Har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor BHMning kamida 20 baravari (6,8 mln so‘m) miqdoridagi pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirib boriladi.
Noyob nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchilarga 5 mln so‘mdan berib boriladi
Noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20ta shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi. Shu bilan birga ularning faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi.
Bu ko‘rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislari sertifikatlashdan o‘tkaziladi
Shaharsozlik sohasidagi belgilangan toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etilgan.
Joriy yilning 1-aprelidan quyidagi toifa mutaxassislari uchun sertifikatlash amalga oshiriladi:
- tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
- qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.
Banklarning ustav kapitali 350 mlrd so‘mga oshiriladi
Yangi tahrirdagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan banklarning ustav kapitali oshirilishi belgilangan.
Mazkur miqdor 2023-yilning 1-sentabrigacha 100 mlrd so‘m, sentabrdan 200 mlrd so‘m etib belgilandi.
Joriy yilning 1-aprelidan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 350 mlrd so‘mga oshirilishi kerak. Shu tariqa, kelasi yildan bu 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Navoiy viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi
Unga ko‘ra, viloyatda bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amalda qo‘llaniladi:
- aholi uchun — 2700 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 6500 so‘m;
- ulgurji iste’molchilar uchun — 8000 so‘m.
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholi uchun — 1600 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 4600 so‘m;
- ulgurji iste’molchilar uchun — 6000 so‘m.
Bunda taklif etilayotgan barcha narxlar QQSsiz hisoblangan.
Nukusdan Istanbulga parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
Xususan, joriy yilning 1-aprelidan Istanbul — Nukus — Toshkent hamda Samarqand — Nukus — Istanbul yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan L-410 rusumli samolyotlardan bir donasi Qoraqalpog‘istonda ichki reyslar uchun dislokatsiya qilinishi ta’minlanadi.