Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi O‘zbekistonning yo‘l qurilishi sohasiga qiziqish bildirmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi.

27-mart kuni vazirlik rahbari Ilhom Mahkamov muzokaralar olib borish uchun Xitoy korxonasi delegatsiyasini qabul qildi.

Tomonlar yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha birgalikdagi ishlarni muhokama qildilar.

“CITIC” vakillari Pungan-Namangan va Toshkent-Chinoz yo‘llarini rekonstruksiya qilishda ishtirok etish istagini bildirdi.

Bundan tashqari, kompaniya xorij tajribasidan foydalangan holda O‘zbekistonda yangi pulli yo‘llar qurish niyatida.

Kompaniya barcha sifat talablari va xalqaro standartlarga javob beradigan takliflar ishlab chiqish uchun loyihalarni batafsil o‘rganadi. Ularni yaqin kunlarda taqdim etishga va’da berishdi.

Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangandan Pungan qishlog‘igacha bo‘lgan avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi tasdiqlanishi haqida gapirdi. Prezident sarmoyadorlar bilan yirik loyihalarni shaxsan muhokama qilishini aytdi.

“Yillar davomida Namangan xalqi, umuman, vodiy xalqi, ayniqsa, qish paytlari juda qiynalyapti. „Pereval“ bo‘lganidan keyin, bu yo‘lni ham davom ettirishimiz kerak edi, lekin „tegirmon navbati bilan“ deganlaridek, navbati yetib keldi. Yangi O‘zbekistonimizga mana shu yangi yo‘lni, albatta, quramiz”, — dedi prezident.

2013-yilda O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan 4P112 Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining Pungan va Namangan o‘rtasidagi qismini rekonstruksiya qilish va kengaytirish uchun $220 mln olgan. Loyiha ustidagi ishlar uch yildan so‘ng to‘xtatildi.

Taqdimotda aytilishicha, ishlarni 25-aprelda davom ettirish va 2025 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Rekonstruksiya ishlari yakunlangach, avtomobil yo‘lida maksimal tezlik 120 km/soatni tashkil qiladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning har bir viloyatida 20 kilometrlik yo‘lni xususiy sektorga boshqarish uchun berish rejalashtirilgani haqida yozgandi.