Urganch tumanida 3,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” boshqarmasi va “Hududgaz Xorazm” filiali xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “M.” fermer xo‘jaligi rahbari A.E. fermer xo‘jaligi binosida 11 ta isitish qozonlarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.

Noqonuniy tarzda gaz tarmog‘iga ulangan fuqaro davlatga jami 3,3 mlrd so‘mlik zarar keltirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatidagi metan zapravka 37,53 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani aniqlangani haqida yozgandi. Noqonuniy foydalaniygan tabiiy gaz hajmi 25,02 mln metr kubni tashkil etadi.