Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
Bu safar “Pizza Hut” va “Domino‘s Pizza"dan keyingi dunyodagi uchinchi yirik pitsa tarmog‘i “Papa John’s“ning yaratilish tarixiga nazar tashlaymiz.
Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.
Supurgi shkafidan boshlangan biznes
“Papa John’s” pitsaxonalari tarmog‘i asoschisi Jon Shnatter yoshligidan mehnatda voyaga yetgan. U 15 yoshida Indiana shtatining Jeffersonvill shahridagi otasining taverna (mayxona)sida idish yuvuvchi bo‘lib ishlay boshlagan. Mijozlar ko‘p bo‘lgan paytlarda otasiga oshxonada yordam bergan.
Jon oliygohni bitirib uyga qaytadi. Bu paytga kelib otasining tavernasi xonavayron bo‘lish arafasida edi. Shu sabab u 1971-yilda ishlab chiqarilgan “Camaro Z28” mashinasini $1600ga foydalanilgan pitsa tayyorlovchi uskunani xarid qilish uchun sotadi va mayxona mijozlariga pitsa taklif qiladi.
U ishni kichik mayxona orqa tarafidagi supurgi shkafi ichiga pech o‘rnatishdan boshlaydi. Shunday qilib “Papa John’s"ga 1984-yil 22 yoshli Jon Shnatter tomonidan Indiana shtatining Jeffersonvill shahrida asos solinadi.
Jonning pitsalari qisqa muddat ichida juda mashhur bo‘lib, bir yildan so‘ng yangi joyga ko‘chib o‘tadi va maxsus sousni ham o‘sha yili o‘ylab topishadi.
Foto: Bloomberg
“O‘sha paytda biz jiddiy hajmda ishlayotgan edik — to‘rtta “Papa John’s"da haftasiga taxminan 4000 ta pitsa tayyorlanardi. Afsuski, ba’zi uskunalarimiz juda qadimiy edi. Birinchi jahon urushi davridagi T-80 mikser eng yaxshi namunadir. U shunchalik eski ediki, bir necha oyda buzilib ketardi”, deya yozadi Jon Shnatter o‘z kitobida.
1993-yilda “Papa John’s” ommabop kompaniyaga aylandi. Oradan bir yil o‘tgach, 500ta tarmoqqa ega bo‘ladi va 1997-yilda esa ularning soni 1500taga yetadi. Uning shiori “Yaxshiroq ingrediyentlar. Yaxshiroq pizza”.
2009-yilda Shnatter birinchi mashinasi uchun $250 ming pul mukofoti taklif qilib, uni qayta sotib oladi.
Foto: Wikipedia
5000 ta restoran tarmoqlari
2002-yil yanvar oyida “Papa John’s” AQShdagi barcha mijozlariga onlayn buyurtma berish imkoniyatini yaratgan birinchi milliy pitsa tarmog‘iga aylandi. Ko‘pgina boshqa milliy pitseriyalar ham keyinchalik o‘z xizmatlariga onlayn buyurtmani qo‘shdilar. 2004-yil 10-iyulga kelib kompaniya bozorning taxminan 6,6%ini nazorat qilgan.
2012-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkdagi Nyu-Gayd-Parkda “4000-Papa Jon’s” pizza restorani ochildi. Kompaniya bu munosabat bilan shahar bo‘ylab mijozlarga 4000ta bepul pitsa sovg‘a qilish orqali tadbirni nishonladi.
2023-yilda “Papa John’s” pitseriya tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab jami 5906 ta restoranga ega bo‘lgan. Uning dunyo bo‘ylab 45ta mamlakat va hududlarda 5000dan ortiq nuqtalari mavjud. Kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab xodimlari soni 2023-yilda taxminan 13,2 ming kishini tashkil etgan, bu 2022-yilga nisbatan 1200taga o‘sdi.
Amerikadagi odatiy restoranlarda 20 dan 25tagacha xodim ishlaydi, ularning aksariyatiga yarim kunlik va soatiga qarab haq to‘lanadi.
Daromad. 2023-yilda “Papa John’s"ning butun dunyo bo‘ylab daromadi 2022-yilga nisbatan sezilarli darajada o‘sib, $2,14 mlrdni qayd etdi.
Foto: The Courier-Journal
Papa John’s’ning yangi yuzi
2019-yili kompaniya asoschisi irqiy janjal tufayli boshqaruv kengashini tark etganidan olti oy o‘tgach, pitsa tarmog‘ida yangi yuz — basketbol yulduzi Shaquille O‘Neal paydo bo‘ldi.
Tadbirkor va sobiq NBA super yulduzi kompaniyaga boshqaruv kengashi a’zosi va investor sifatida qo‘shilganini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasda e’lon qilib, “Pitsa partiyasi vaqti keldi!”, deb yozadi. Shaq, shuningdek, brendning vakili bo‘ladi va shaxsan Atlanta hududidagi “Papa John’s"ning to‘qqizta manziliga sarmoya kiritadi.
Logotipi haqida
Asl emblema oddiy geometrik shaklda joylashgan bo‘lib, uning ichida faqatgina yozuv bor. U 1984-yil kompaniya tashkil etilganidan buyon qo‘llanilib kelinayotgandi. Dastlabki logo qizil va oq rangdan iborat, “teskari plastinka” ko‘rinishida tasvirlangan. Tepada “Pitsa” so‘zi, ism esa ko‘k harflar bilan yozilgan.
Foto: logos-world.net
2018-yilda logotipga yashil rang qo‘shildi. Yuqorisidagi “Pizza” so‘zi olib tashlanib, ism ikkita rangda tasvirlandi. Undagi qizil rang pitsa uchun ishlatiladigan pomidor sousiga, yashil esa rayhon o‘simligiga bag‘ishlangan. Yozuvning minimalistik dizayni restoran tarmog‘ining oddiy, ammo yuqori sifatli xizmatga qaratilganligini ifodalaydi.
Foto: logos-world.net
2021-yil noyabr oyida taqdim etilgan yangi logotipda faqat kompaniya nomi mavjud. Unda avvalgi versiyadagidek yashil ramka va “Pizza” yozuvi tushirilgan kichik lenta yo‘q. Endi bu shunchaki to‘q qizil yozuv bo‘lib, bosh harfda qalin qilib yozilgan.
Harflar o‘rtaga qarab kattalashib, qirralariga tomon esa kichraygan, “PAPA” va “JOHNS” o‘rtasida juda tor oraliq mavjud.
Foto: logos-world.net
Pitsa turlari
Kompaniya mehmonlarga 20dan ortiq turdagi pitsalarni taqdim qilgan. Ular ham “classics”, “favorites”, “signature” singari guruhlarga ajratiladi. Retseptlar ingrediyentlarning ta’mi va muvofiqligi muvozanatini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Standart pitsa retseptlaridan tashqari, ular mijozlarga oshpaz rolini sinab ko‘rish va o‘z pitsasini tayyorlash imkonini beradi, yani buyurtma berishda mijoz o‘z didiga mos noyob mahsulot yaratib, istalgan ingrediyentlarni qo‘shishi yoki olib tashlashi mumkin.
“Papa John’s” pitsalari 4 xil hajmga ega bo‘lib, ular quyidagilar:
Foto: papajons.ru
Shuningdek, pitsa xamiri ham an’anaviy va yupqa turda tayyorlanadi.
Papa John’s O‘zbekistonda
Amerikaning “Papa John’s” pitseriya tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga 2023-yilning oxirida kirib keldi. Bu haqda noyabr oyi oxirida ochilgan “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Papa Johns Uzbekistan” sahifasidan ma’lum bo‘ldi.
Pitseriya menyusida eng ko‘p sotiladigan pitsalar, tiniq papadiyalar, jumladan, Chicken BBQ bor. Brend O‘zbekiston uchun maxsus taklifni ishlab chiqdi: “Oilaviy” to‘plami, unga 2ta pitsa, 2ta yonma-yon ovqat va katta ichimlik kiradi.
Hozirda brendning Toshkentda 7ta fiiali mavjud.