O‘zbekistonliklar Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan 30 kungacha bo‘lishi mumkin. Bu haqda “zakon.kz” nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Senati O‘zbekiston fuqarolarini Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini 5 kundan 30 kungacha oshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi
“Har ikki davlat (O‘zbekiston va Qozog‘iston) o‘z fuqarolarining bir-birining hududida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan 30 kungacha bo‘lishi mumkin”, deyiladi hujjatda.
Ta’kidlanishicha, bir tomon davlatining fuqarolari, doimiy yashash joyidan qat’i nazar, agar ularning bo‘lish muddati 30 kalendardan oshmasa, boshqa tomon davlati hududiga kirishi, chiqib ketishi, tranzit o‘tishi, harakatlanishi mumkin.
Agar fuqaroning ikkinchi tomon davlati hududida bo‘lish muddati 30 kalendar kundan ortiq bo‘lsa, bu fuqaro davlatning vakolatli organlaridan vaqtinchalik yashash (vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish) uchun ruxsatnoma olishi shart.
Qayd etilishicha, hujjat imzolash uchun Qozog‘iston prezidentiga yuborilgan.
Avvalroq “Spot” BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini bekor qilayotgani haqida yozgandi. Endilikda fuqarolar amirlik hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.