“Telegram” Rossiya, Ukraina va Belarus aholisiga shaxsiy xabar yozishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxatini cheklash imkonini beradi.
“Xabarlarni cheklash imkoniyati 2024-yil 1-apreldan boshlab paydo bo‘ladi”, deya xabar berdi messenjer egasi Pavel Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “to‘rt kun avval messenjerning rusiyzabon foydalanuvchilari notanish odamlarning teraktlarga chaqiruvchi xabarlaridan shikoyat qila boshlagan”.
“Telegram” bunday xabarlarni yuborishga bo‘lgan “o‘n minglab” urinishlarni to‘xtatdi va ularni yuborgan foydalanuvchilar butunlay bloklandi.
Shuningdek, messenjer bunday xabarlarni filtrlash uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni ham joriy qiladi.
2024-yil 28-mart kuni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Telegram"dan “terrorchilik maqsadlarida tobora ko‘proq foydalanilayotgani"ni aytdi. U Durovni messenjerni “yaqinroq” kuzatishga chaqirdi.
Avvalroq “Spot” Ispaniyada “Telegram"dan foydalanish vaqtinchalik taqiqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, taqiq mahalliy ommaviy axborot vositalarining messenjerga qarshi shikoyat da’volari bo‘yicha sud tergovi davomida amal qiladi.